BAGʻDODDA NIMA GAPLAR?
Iroqning poytaxti Bag‘dodni hamma biladi. Lekin, O‘zbekistonda ham Bag‘dod degan joy borligini yaqin-yaqingacha ko‘pchilik bilmas edi. Ayniqsa, Toshkentda talaba bo‘lgan paytlarimiz Bag‘dodlikman desak, boshqa viloyatlik tanishlarimiz hayron bo‘lishardi. Hatto bir safar pochtada Andijonda o‘qiydigan o‘rtog‘imga “Bag‘dodda ko‘rishamiz” deb telegramma berganimda pochtachi rus opa yuzimga shubha bilan o‘qrayibroq tikilganini eslayman (shpion deb o‘ylagan bo‘lsa kerak). O‘zim ham nega qishlog‘imizning (tumanning ham) nomi Bag‘dod ekan, Iroqdagi Bag‘dodga qanday aloqasi bo‘lishi mumkin , deb ko‘p o‘ylardimu lekin u paytlarda durustroq manba yo‘qligi tufayli savolimga javob topa olmasdim. Keyinchalik, 1996 yilda bag‘dodlik jurnalist Jo‘ravoy Sarimsoqov (Xudo rahmat qilsin) tumanning 70 yilligiga bag‘ishlab yozgan kitobida bu haqidagi qiziq bir ma’lumotga ko‘zim tushdi. Garchi bu chiroyli bir rivoyat bo‘lsa-da, zamirida mantiq borligi uchun odamning ishongisi keladi. Ri...