So‘z erkinligi: 25 yil oldin, 25 yil va hozir
Men SSSR havosidan nafas olmaganman. U vaqtda jurnalistika qanday bo‘lganini esa faqat o‘qiganman va eshitganman. Lekin mustaqillik yillarida senzura qanday bo‘lganini bilaman.
Bilishimcha, Ittifoq davrida xalqqa OAVni deyarli keragi bo‘lmagan. Negaki ular och qornim tinch qulog‘im deb yashayverishgan. Kimningdir huquqi poymol bo‘lsa, biror muxbirdan yordam so‘ramaganiga aminman. Chunki gazetchilar nimadir qila olishiga ishonishmagan. Aslida ham shunday bo‘lgandir.
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng nima bo‘ldi?
Konstitusiyaning 67-moddasida belgilanganidek, "Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi" deb bong urildi. Aslida esa telekanallar ham, gazetalar ham, internet axborot saytlari ham davlatniki edi. Hukumat belgilagan prinsiplar bilan ish olib borish belgilangan ularga. Hokimning falon muovinni maqtaganini yozasan, so‘kkanini yozsang Sherlok Xolms haqidagi filmda aytilganidek, mamlakat maxfiy xizmati xodimlari sening kompyuteringdan noqonuniy ma’lumotlarni topishadi va yumshoq qilib aytganda uzoq muddat "zona"da dam olib kelasan ko‘rinishidagi topshiriq berilgan. Jurnalistlar nima qilsin? "Boshingga qilich kelsa ham rost so‘zla" degan gapga amal qilish bunday vaziyatda faqat minusga ishlar edi.
U vaqtlarda xalq uchun so‘z erkinligi bu - Amerika ovozi, adolat bu - Ozodlik radiosi edi.
Hozir esa, so‘z erkinligiga biroz bo‘lsa-da erishildi. Har sohada bu ko‘rinadi. Jurnalistlar bemalol fikrini bildirishi bilan birga hokimlarning bemalol bo‘ralatib so‘kishi ham bunga misol bo‘ladi, fikri ojizimcha. Shuningdek so‘z erkinligi reytingida 169-o‘rindan 160-o‘ringa ko‘tarildik.
Nyutonning 3-qonuniga ko‘ra, har qanday ta’sir unga qaratilgan aks ta’sirga ega. Ya’ni jurnalist qo‘rqmasdan fikr bildiradi. Aks holat esa, amalda buning foydasi bo‘lmaydi.
Hech bir ish birdan amalga oshmaydi. Bu haq gap! Lekin buning uchun o‘n, yigirma, o‘ttiz yil kutish ham noto‘g‘ri.
Mayli, xalqimiz bardoshli, ko‘nikuvchan. Biz bariga chiday olamiz va kutamiz. Balanparvoz gaplarda aytilganidek, ota-bobolarimiz orzu qilgan kunlarga yetamiz. Avval aytganimdek bu shunchaki IMHO
00:38 19.11.2019
T.me/soliyevblog
Comments