TINCHLIK QADRI yohud "Alvido, qurol!"



Yaxshi yozuvchilar ko’p. Bundan esa yaxshi asarlar soni ham salmoqli ekanligi kelib chiqadi. Yaxshi adibdan hamisha yaxshi asar kutiladi. Chuqurlashmay qo’ya qolaman, gapning indallosi, shuki, Amerikalik mashxur yozuvchi, Nobel mukofoti laureati Ernest Xeminguey ana shunday yaxshi adiblar sirasiga kiradi desam also mubolag’a bo’lmas. Agarda buni isbotlash kerak bo’lsa sizga yozuvchining “Alvido, qurol” asarining tahlilini taqdim etaman. 
Ushbu romanni o’qimaganlar uchun asar haqida qisqacha izoh beradigan bo’lsam, adib o’zining ushbu asarida inson huquqlari, uning qadr-qimmati va muhabbatning har qanday yovuz kuchlardan ustunligini yorqin ifodalab bera olgan. 

Qiziqqanlar roman stujetini o'qib chiqing, xohlaganlar syujetni o'qimay turib, tahlilga o'tib ketishingiz mumkin. 

Syujet

Kitob urushda Italiya uchun jang qiluvchi amerikalik tenente (leytenant) Genrining kechinmalari haqida. U kamgap, mulohazali va kamtar odam bo'ladi. Ko'pchilik qatori urushni yoqtirmaydigan bu odam urush biroz tinchigan vaqtda ta'tilga borib keladi va yaqin do'sti leytenant Rinaldi og'iz solmoqchi bo'lgan hamshira qiz miss Barkli bilan Rinaldi orqali tanishib qoladi. Dastlab VADlardan bo'lgan (ko'ngilli, hamshiralik kursida o'qigan) honim Genrini uncha qiziqtirmaydi. Lekin bir necha suhbatdan so'ng ular bir-birlariga qattiq bog'lanib qolishadi. 

Genri janglarning birida oyog'idan jarohat oladi va frontdan uzoqroqqa, Milandagi Amerika gospitaliga yuboriladi. Davolanib qaytganda esa urush poyoniga yetib qolgan bo'ladi. Ular jangni boy berishadi va chekinishadi. Genriga maxsus ajratilgan guruhni frontdan boshqa joyga ko'chirish topshiriladi. Lekin ular yo'lda birin ketin ajralishadi. Manzilga yaqin qolganda esa, bir nechta soldatlar odamlarni tekshirayotganini ko'rishadi. Ular ofitserlarni ajratib olishadi. Xolbuki tenente Genrini ham. Ularni daryo bo'yiga olib borishadi va o'z guruhlarini tashlab qochganlikda ayblab birma-bir ota boshlashadi. Genri daryoga sakrab qochadi. Tongga qadar oqim bo'ylab suzgach, omon qoladi. 

Shaharga borib miss Barklini topadi va ular birga qayiqda Shveytsariyaga qochishadi. U yerlarda bir amallab bojxonachilarni chuv tushirgach, yaxshi bor joy topib yashashadi. Bu orada hamshira qiz xomilador bo'ladi. 

Ko'zi yorishi qiyin kechadi va farzandi o'lik tug'iladi. Bundan xabar topgan Genri unchalik achinmaydi. Lekin qallig'ining ham ahvoli og'ir ekanini bilgach, o'zini qo'yarga joy topa olmay qoladi. Lekin bari samarasiz kechadi. Miss Barkli vafot etadi. 

Shu yerda asar nihoyasiga yetadi.

Tahlil

Urushlarda jang qilayotgan odamlar dunyodagi eng ajoyib odamlardir, frontning qizg’in qismlariga kirib borganing sari bunday ajoyib kishilarga ko’proq duch kela boshlaysan. Lekin urushni boshlaganlar, uning oloviga yana olov tashlab turganlar iqtisodiy raqobatdan, foyda undirishdan boshqa narsani o’ylamaydigan to’ng’izlardir. 

Aytaylik, odamzot boshidan o’tkazgan ikki jahon urushida jami qancha odam halok bo’ldi? Falon million nafar, to’g’rimi? Lekin ushbu urushlardan davlatlar yoki ularning rahbarlari qancha foyda ko’rishdi. O’sha mash’um urush olovini yoqqanlar eng kamida mamlakati yerlarini kengaytirib olishdi. Biroq ularni frontda jon fido qilgan millionlab begunoh odamlar va ularning oilasining taqdiri zarracha qiziqtirmadi. Vatan uchun deb jangga kirganlar aslida davlat uchun, bizning til bilan aytganda ayrim kattakonlar uchun jangga kirayotganini bilganida ehtimol tinchgina mag’lubiyatga ko’ngan bo’lar edi. 
Qish boshlanishi bilan surunkasiga yomg’ir yog’ib berdi, yomg’ir bilan birga vabo tarqaldi. Lekin uning oldi olindi, vabo davomida qo’shinda  faqat yetti ming kishigina o’ldi, xolos. 

Asarning mana bu qismidagi so’zlarni o’qiyotib, etim junjikib ketdi: qo’shinda faqat yetti ming kishigina o’ldi, xolos. Nahotki yetti ming kishining o’limiga nisbatan atigi, xolos so’zlarini qo’llash mumkin bo’lsa! Ha, urushning nechog’lik daxshatli ekani va uning tepasida turganlarga inson huquqlari, salomatligi tugul, inson hayotining zarracha ahamiyatga ega emasligini ifodalash uchun bundan bo’lak so’zlarni qo’llab bo’lmaydi. Hattoki o’sha urush tepasida turganlar o’z askarlarini otib tashlashdan ham toyishmaydi. 

Men uning o’lishini bilardim va Xudodan uning o’lmasligini iltijo qilardim. Ilohim, u o’lmasin. Yo Rab, yo Rab, u o’lmasin. Nimani buyursang, shuni ado etaman, faqat u o’lmasin. Yo’q, yo’q, yo’q, jonim Xudoyo, u o’lmasin. Jonim Xudo; u o’lmasin. Yo’q, yo’q, yo’q, u o’lmasin. Parvardigorim, uni o’z panohingda asra. Nima desang, shuni ado etaman, u o’lmasin. 

Bu jumlalarni o’qiyotib, juda ko’p odamlar hayolimdan o’tdi. Odamzod shunday ekan: o'zbekcha aytganda, pichoq borib suyakka taqalmagunicha e’tiborsiz o’tiraveradi. Hammasi tugay deganda esa, Xudoning borligi, u yolg’iz madadkor ekanligi yodimizga tushadi va unga yolvorishga tushamiz. Asar qahramoni ham shunday qildi. U hattoki Xudojo’y emasman, dinga munosabatim yo’q qabilida hayot kechirardi. Lekin yaqin insoni vafot etar chog’ida Yaratgandan mo’jiza kutishni, unga iltijo qilishni boshlaydi. 
O'qimaganlarga kitobni tavsiya qilaman. U sizga nima beradi? Tinchlikni qadriga yetishni, inson omili hamma narsadan ustun ekanligi, muhabbat aslida nima ekanligi, hayotda yaxshi va tinch yashash qanchalik qiyin ekanligini

Sherali Soliyev

14.11.2019  08:57

Comments

Popular posts from this blog

BAGʻDODDA NIMA GAPLAR?

Yurist va jurnalist Zafarbek Solijonov bilan suhbat