ISHID o'zining yangi rahbarini tayinladi
Islomiy Davlat jihodiy guruhi birinchi marta o'z rahbari Abu Bakr Al-Bag'dodiyning o'limini tasdiqladi hamda uning davomchisi sifatida yangi rahnamo etib Abu Ibrohim al-Hoshimiy tayinlandi.
Ma'lumotlarga ko'ra, AQSh maxsus kuchlari hafta oxirida Shimoliy-g'arbiy Suriyada Bag'dodiyni kuzatib, uning tarkibiga hujum qilgandan so'ng, u tunnelga qochib, o'z joniga qasd qilgan.
Shuningdek, payshanba kuni AQSh va Suriya qurolli kuchlari tomonidan Shimoliy Suriyada uyushtirilgan qo'shma operatsiyada matbuot kotibi Abu Al-Hasan Al-muhajirning o'limi ham tasdiqlangan.
Yangi Islomiy davlat vakili Abu Hamza Al-Quroshiy Bag'dodiy vafotidan so'ng musulmonlarni Abu Ibrohim Al-Hoshimiyga, ya'ni o'ziga bay'at berishga chaqirgan.
Abu Ibrahim al-Hashemi al-Qurashi o'zi kim?
Hoshimiyning ismi xavfsizlik kuchlari uchun ma'lum emas. Guruh yangi rahbar haqida ko'p ma'lumotlarga oshkor qilmay, faqatgina «Jihodning taniqli arbobi» — deya ta'rif keltirdi.
Bayonotda aytilishicha, Hoshimiy o'tmishda AQShga qarshi kurash olib borgan faxriy jihodchi jangchi bo'lgan. «Al-Quroshiy» deb nomlanishidan uni payg'ambar Muhammadning Quraysh qabilasidan chiqqan deb da'vo qilinmoqda.
«Agar guruh rahbari Qurashi bo'lmagan kishini tayinlashni tanlasa, ehtimol, bu «xalifalik» ning hech qanaqa emasligini shubhasiz tan olishdir.» — deydi BBCning mutaxassisi Mino Al-Lami.
Ushbu hodisa bo'yicha taniqli bloger Farrux Absattarov o'z telegram sahifasida quyidagicha fikr bildirib o'tdi: «Ismiga e'tibor bergan bo'lsangiz kerak. Al-Hoshimi, al-Qurayshi. Ha adashmadingiz, bular endi, aynan Rasulimiz alayhissalomning qabilalari Quraysh va oilalari Hoshimiylar nomini o'z ismiga qo'shib olishgan. Avvaliga Islom olamidagi yirik ilm-ma'rifat o'chog'i bo'lgan Bag'dod nomi bilan ish qilmoqchi bo'lishdi, anchasi aldandi. Endi esa o'zini Payg'ambarimiz alayhissalomning avlodlaridan qilib ko'rsatib, musulmonlarni o'z safiga jalb qilmoqchi, endi so'na boshlagan olovni yana alangalatmoqchi bo'lyapti. Bu kofirlarning fitnasi ekanligini ko'pchilik musulmonlar tushunar, lekin bilmaganlar yana aldanib qolishidan, Rasulullohning avlodlari ham bor ekan, degan da'volar bilan chiqishidan qo'rqaman.»
Manba: Fayzbog.uz
11:11 02.11.2019
Comments