BAGʻDODDA NIMA GAPLAR?

Iroqning poytaxti Bag‘dodni hamma biladi. Lekin, O‘zbekistonda ham Bag‘dod degan joy borligini yaqin-yaqingacha ko‘pchilik bilmas edi. 

Ayniqsa, Toshkentda talaba bo‘lgan paytlarimiz Bag‘dodlikman desak, boshqa viloyatlik tanishlarimiz hayron bo‘lishardi. Hatto bir safar pochtada Andijonda o‘qiydigan  o‘rtog‘imga “Bag‘dodda ko‘rishamiz” deb telegramma berganimda pochtachi rus opa yuzimga shubha bilan o‘qrayibroq tikilganini eslayman (shpion deb o‘ylagan bo‘lsa kerak).
O‘zim ham nega qishlog‘imizning (tumanning ham) nomi Bag‘dod ekan, Iroqdagi Bag‘dodga qanday aloqasi bo‘lishi mumkin, deb ko‘p o‘ylardimu lekin u paytlarda durustroq manba yo‘qligi tufayli savolimga javob topa olmasdim. 

Keyinchalik, 1996 yilda bag‘dodlik jurnalist Jo‘ravoy Sarimsoqov (Xudo rahmat qilsin) tumanning 70 yilligiga bag‘ishlab yozgan kitobida bu haqidagi qiziq bir ma’lumotga ko‘zim tushdi. Garchi bu chiroyli bir rivoyat bo‘lsa-da, zamirida mantiq borligi uchun odamning ishongisi keladi. 

Rivoyatning qisqacha mazmuni shundayki, Amir Temur saroyida asli biz tomonlardan bo‘lgan Mahmud eshon degan anchagina ilmli, zukko bir kishi xufya bo‘lib, ya’ni hozirgi zamon tili bilan aytganda razvedkada xizmat qilgan ekan. Temurning Iroqqa yurishidan bir muddat oldin Mahmud eshon Bag‘dodga kelib o‘rnashibdi. Ma'lum vaqt davomida Mahmud eshon shaharga kirish-chiqish yo‘llari,  qo‘shin, qurol-aslahaning miqdori haqidagi ma’lumotlarni Amir Temurga jo‘natib turibdi. Ana shu ma’lumotlar tufayli Bag‘dod nisbatan oson, talofatsiz qo‘lga kiritilgan ekan.

Mahmud eshonning xizmatidan xursand bo‘lgan Sohibqiron undan, “Nima tilaging bor?” deb so‘raganida u kishi “Amirim, yoshim katta bo‘lib qoldi, menga ruxsat bersangiz, tug‘ilgan joyimga ketib bola-chaqa qilsam” degan ekan. Shunda Amir Temur g‘alaba sharafiga Mahmud eshonga Bag‘dodiy deb taxallus beribdi va yoniga 200 ta samarqandlik, 200 ta  bog‘ishamollik (hozirda Samarqand shahridagi tuman) navkarni bola-chaqasi bilan qo‘shib berib, yurtiga kuzatibdi. 
Mahmud eshon Bag‘dodiy o‘z yurtiga kelib, o‘sha Bag‘dod qishlog‘iga asos solgan deyishadi.  Zamonlar davomida bu qishloq yiriklashib, hozirgi Bag‘dod tumaniga ham nom bergan. 

Qizig‘i, Bag‘dod qishlog‘ining u biqinida Bog‘ishamol, bu biqinida Samarqand qishloqlari bor. Rivoyatga ishonadigan bo‘lsak, demak bu qishloqlarda Mahmud eshonga hamroh bo‘lgan navkarlarning avlodlari yashaydi.
Darvoqe, mening bilishimcha hozirda yer yuzida uchta Bag‘dod bor. Bittasi Iroqning poytaxti, ikkinchisi o‘zimizning Bag‘dod va yana Gruziyada ham Bag‘dod degan tog‘li qishloq bor. U yerda shoir Mayakovskiy tug‘ilgan.

Bizning Bag‘dodda ham ko‘plab taniqli insonlar tug‘ilgan yoki taqdir taqozosi bilan yashagan. Masalan, mashhur "Farg‘ona tong otguncha" g‘azalining muallifi Haziniy eshon umrining oxirlarida zamon taloto‘plaridan bezib, Bag‘dodning Qorovultepa qishlog‘ida yashagan, Chopdor qishlog‘ida bog‘ yaratib, dehqonchilik qilgan. Chopdorda u kishi ekkan tollar hozir ham bor. 
Xalq artisti Halima Nosirova Qo‘qon shahrida tug‘ilgan bo‘lsa ham bolalik yillari Bag‘dodning Maylavoy qishlog‘ida o‘tgan. Qizil inqilobdan keyingi og‘ir yillarda u kishining opasini shu qishloqlik yoshi kattaroq bir odamga uzatishgan va opasi kichkina Halimani ham o‘zi bilan olib ketgan, qiyin paytlarda o‘sha yerda jon saqlashgan ekan. Bu gaplarni talabalik paytimda Halima opaning uyida yashaganimda o‘zidan eshitganman. 
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev ham dastlab Bag‘dodda o‘qituvchi bo‘lganlar. Sehrli qalpoqchani kiyvolib turfa hangomalar ko‘rsatgan Hoshimjon obrazini ham Xudoyberdi bobo o‘zi o‘qitgan bag‘dodlik shumtakalardan nusxa olib yaratgan. 

Beriroqqa keladigan bo‘lsak, Bag‘dod farzandlari orasida 1983-1988 yillarda O‘zbekiston rahbari bo‘lgan Inomjon Usmonxo‘jayev, mustaqil O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, dovruqli jurnalist va tadbirkor Tohirjon Hamroqulov, taniqli hajvchi yozuvchi Anvar Muqimov va uning o‘g‘li - "Jiblajibon" serialining ssenariy muallifi Said Anvar va yana ko‘plab mashhurlar bor.
Aslida Bag‘dodda tug‘ilib o‘sgan yoki uning non-tuzini totib hozirda mamlakat, hatto dunyo miqyosida obro‘-e’tibor topgan insonlar, sulolalar  ko‘p. 

Ps: Har kimda tug'ilgan joyiga nisbatan muhabbat bo'ladi. Mahalliychilikka yo'ymaysiz degan umiddaman. Nasib qilsa keyinroq boshqa tumanlar yoki tumanimizdagi qishloqlar haqida bilganlarimni ulashaman

20.11.2019  15:40

t.me/bagdad_city kanali uchun maxsus Sherali Soliyevdan 

Comments

Popular posts from this blog

TINCHLIK QADRI yohud "Alvido, qurol!"

Yurist va jurnalist Zafarbek Solijonov bilan suhbat